⚽ Futbol24UZ — barcha yangiliklar!
«PSJ»ning sobiq darvozaboni Aleksandr Letellier parijliklar jamoasi darvozaboni Matvey Safonovning oʻyin uslubi haqida oʻzining hayratlanarli fikrlari bilan boʻlishdi. Letellier rossiyalik futbolchining maydonda qanchalik samarali oʻyin koʻrsatishini alohida taʼkidladi.
“U akademik jihatdan unchalik yaxshi tayyor emas. Agar uning oʻyinidagi lavhalar videoda koʻrsatilsa, u yosh darvozabonlar uchun akademik oʻyin borasida namuna boʻlishi dargumon. Ammo u juda samarali!
Uning oʻziga xos uslubi bor: akademik emas, lekin nihoyatda samarali! Safonov koʻzni qamashtiruvchi seyvlarni amalga oshirmasligi mumkin, ammo u koʻpincha qulay pozitsiyani egallaydi. Aynan shu uni “Lans”ga qarshi oʻyinda boʻlganidek, samarali darvozabon qiladi.
U qoʻllari bilan seyv qilmasligi mumkin, lekin zarbalar toʻgʻridan-toʻgʻri unga kelib tushadi. Bu Safonovning qulay pozitsiyani egallashini anglatadi. U samaradorlik haqida oʻylaydi, oʻyinning jozibadorligi uning uchun mutlaqo farqsiz. Bosh bilanmi, son bilanmi, koʻkrak bilanmi – qanday qutqarish uning uchun muhim emas!
Safonov yerga yaqin toʻplarni yaxshi qaytaradi, yaxshi reaksiyaga va tez yerga yotish qobiliyatiga ega, ammo u effektli darvozabon emas. Safonov Donnarummaga umuman oʻxshamaydi. Italiyalik darvozabon ancha baland, darvozada koʻproq joy egallaydi va boʻyiga qaramay, u ancha taʼsirchan, texnik seyvlarni amalga oshirar edi”, — deya Letellierning soʻzlarini RMC Sport nashri keltirmoqda.







